Elektron hukumat

“Elektron hukumat”ni shakllantirishda Davyergeodezkadastr qo`mitasining ro’li va o`rni

“Elektron hukumat” – axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo`llash hisobiga tashkilotlar va fuqarolar tomonidan davlat xizmatlari hamda davlat organlarining faoliyati natijalari to`g`risida axborot olish tezkorligi va qulayligining sifat jihatdan yangi darajasini ta`minlovchi davlat loyihasi. 

“Elektron hukumat” tizimi doirasida o`zaro munosabatning asosiy shakllari quyidagilar hisoblanadi:

  • davlat organlarining aholi bilan o`zaro axborot munosabati;
  • davlat organlarining tadbirkorlik sub`ektlari bilan o`zaro axborot munosabati;
  • davlat organlarining o`zaro axborot munosabati.

“Elektron hukumat” tizimini shakllantirish samaradorligining muhim ko`rsatkichlaridan biri bo`lib, interaktiv davlat xizmatlarini ko`rsatish va ulardan foydalanish huquqini ta`minlash tartibiga muvofiq elektron ko`rinishdagi ustuvor davlat xizmatlarini joriy etish hisoblanadi.

“Elektron hukumat” tizimi orqali amalga oshiriladigan interaktiv davlat xizmatlari, yuqorida sanab o`tilgan yo`nalishlarga muvofiq guruhlangan bo`lishi lozim.

O`zbekiston Respublikasi Davyergeodezkadastr qo`mitasi – yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruv organi hisoblanadi.

Davyergeodezkadastr organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishning asosiy maqsadi – ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirishdir. Bunga, ko’chmas mulk ob’yektlari, yer ajratish, zaxiradagi yerlar to’g’risidagi ma’lumotlarni qayta ishlash, to`plash, saqlash, umumlashtirish, tahlil qilish va chop etish kiradi.

Hozirgi vaqtda, tuman va shahar Yermulkkadastr bo`limlarini o`z ichiga olgan Davyergeodezkadastr qo`mitasining korporativ axborot tarmog`i faoliyat yuritmoqda. Davyergeodezkadastr qo’mitasi organlarining barcha axborot resurslari, axborot tizimlari, dasturiy-apparat ta`minoti va telekommunikatsiya vositalarini o`zida mujassamlashtirgan Davyergeodezkadastr qo`mitasining Yagona axborot tizimi shakllantirilgan. Davyergeodezkadastr qo`mitasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, Davyergeodezkadastr organlari tomonidan 13 ta xizmatlar taqdim etilmoqda, ulardan 10 tasi interaktiv ko`rinishda http://www.ygk.uz rasmiy sayti orqali amalga oshirilmoqda. Aholi va biznes uchun davlat xizmatlarini taqdim etishni maqbullashtirish hamda ularning ochiqligi va sifatliligini oshirish bo`yicha muntazam ravishda ishlar olib borilmoqda.

“Elektron hukumat” tizimida, asosiy ijtimoiy-iqtisodiy ko`rsatkichlar bo`yicha statistik ma`lumotlarning samarali qayta ishlanishi va saqlanishini ta`minlash, shuningdek hududiy joylashishidan qat`iy nazar, barcha darajadagi boshqaruv organlari, yuridik va jismoniy shaxslarga axborotlarni o`z vaqtida va to`liq taqdim etish mexanizmlarini yaratish ko`zda tutilmoqda. Shu munosabat bilan, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish uchun, davlat statistika organlarida AKTdan keng foydalanish asosida kadastr faoliyatining samaradorligini oshirish, axborot-tahlil jarayonlari tizimini takomillashtirish bo`yicha ishlar olib borilmoqda. Davyergeodezkadastr organlari, fuqarolar va tashkilotlarning axborot jamiyati sharoitlarida faoliyat yuritishlariga imkon beruvchi me`yoriy-huquqiy va uslubiy asoslar shakllantirilmoqda.

Interaktiv xizmatlarning rivojlanishi, ulardan foydalanishning soddaligi va saytning har qanday tashrif buyuruvchisiga qulayligi, Davyergeodezkadastr organlarining ochiqligini, aholi va tadbirkorlik sub`ektlari bilan o`zaro munosabatlari jarayonlari esa uni yanada shaffofligini ta`minlaydi.

Me’yoriy-huquqiy asos — Mamlakatimizda elektron hukumat tizimi O‘zbekiston O‘zbekiston Respublikasining «Axborotlashtirish to‘g‘risida» va «Elektron hukumat to‘g‘risida»gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 27-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va boshqa qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshirib kelinmoqda.